
AQSh hukumati Eron bilan oʻtkazilgan dastlabki muloqotlar ortidan mamlakat iqtisodiyotiga qoʻyilgan qator cheklovlarni 60 kun muddatga olib tashladi.
Qatar va Pokiston vositachiligida oʻtgan yopiq uchrashuvda tomonlar 21 avgustga qadar Tehronga neft eksport qilish va toʻlovlarni qabul qilishga ruxsat beruvchi imtiyozlar hamda doimiy bitim tuzish boʻyicha aniq yoʻl xaritasini kelishib olishgan.
Oq uy rasmiylari, xususan, vitse-prezident Jey Di Vens ushbu muloqotni yakuniy tinchlik uchun mustahkam poydevor deb baholadi hamda Eron xalqaro yadroviy inspektorlarni qabul qilishga koʻnganini maʼlum qildi. Biroq Tehron hukumati buni rasman tasdiqlashga shoshilmayapti. TIV vakili Ismoil Baqoiy atom dasturi boʻyicha yangi majburiyatlar olinmaganini bildirgan boʻlsa-da, vazir Abbos Aroqchi muzlatilgan aktivlarning bir qismini qaytarish boʻyicha yutuqlarga erishilganini yashirmagan.
Mazkur diplomatik kelishuv fonida Isroil va “Hizbulloh” oʻrtasidagi shiddatli urushni toʻxtatish mexanizmi ham maʼqullandi. Shu sababli, 20-iyundan buyon janubiy Livanda toʻqnashuvlar keskin kamaygan va uzoq vaqtdan beri ilk bor nisbiy sukunat hukm surmoqda. Bugun esa Vashingtonda Isroil va Livan oʻrtasida navbatdagi rasmiy muloqotlar raundi boshlanishi kutilmoqda.



