
Jahon neft zaxiralari Eron atrofidagi mojarolar taʼsirida keskin qisqarib, rekord darajaga yetdi.
Bu haqda S&P Global Energy tahlilchilariga tayanib DW maʼlum qildi.
Tahlilchilarning hisob-kitoblariga koʻra, aprel oyida neft zaxiralari sutkasiga 6,6 mln barrelga, umumiy hisobda esa oy davomida 200 mln barrelga kamaygan. Bu holat talab pasayganiga qaramay kuzatilgan. Qayd etilishicha, shu davrda neftga boʻlgan talab ham sutkasiga 5 mln barrelga tushib ketgan boʻlib, bu kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng katta pasayish hisoblanadi. Bundan oldin bunday keskin pasayish faqat COVID-19 pandemiyasi davrida kuzatilgan.
Goldman Sachs ekspertlari maʼlum qilishicha, jahon neft zaxiralari soʻnggi sakkiz yildagi eng past darajaga yaqinlashmoqda. Shuningdek, Arg agentligi maʼlumotlariga koʻra, Shimoliy Yevropada aviatsiya yonilgʻisi zaxiralari aprel oyida soʻnggi olti yillik minimumga tushgan.
Tahlilchilar taʼkidlashicha, Yaqin Sharqdagi urush va Hormuz boʻgʻozi atrofidagi blokada tufayli neft bozoriga allaqachon 1 mlrd barrelga yaqin neft yetkazib berilmay qolgan. Mutaxassislar fikricha, neft bozorida vaziyat juda tez yomonlashyapti va yaqin bir necha hafta ichida jiddiy, xavfli bosqichga yetishi mumkin.
S&P Global Energy vakili Jim Burkxard soʻzlariga koʻra, bozor hali zaxiralarning rekord surʼatlarda qisqarayotganiga toʻliq javob bermagan, shuning uchun neft narxlarining oʻsishi hali oldinda.



