
Avvalambor, dardli muammoni jamoatchilik eʼtiboriga olib chiqqani uchun Ishonch.uz jurnalistlariga rahmat. Sirk — qadimiy sanʼat turlaridan biri. Ushbu sanʼat turi yurtimizda ham uzoq yillarga borib taqaluvchi oʻz tarixiga, anʼanalariga ega. Bir paytlar oʻzbek madaniyatining ulugʻ dargʻalari yod etilganda, albatta, Toshkentboyevlar, Zaripovlar sulolasi vakillari ham faxr bilan tilga olingan.
1942 yilda tashkil etilgan Oʻzbek sirk jamoasi, Sobiq Ittifoqdagi birinchi milliy sirk jamoasi boʻlgan ekan.
Bugun sirk va unga bogʻliq muammolar katta bahslarga sabab boʻlmoqda. Har kim har xil fikr bildiryapti. Biroq sirk sanʼatida muammo yuzaga keldi degani – anʼanaviy sirk sanʼatidan kechish kerak degani emas-ku. Qishloq joylarda hali-hamon koʻchma sirkning kelishi, ularda hayvonlar ishtirokidagi chiqishlarni tomosha qilish — bolalar uchun bir olam shodlik manbai. Haqli savol tugʻiladi: xususiy sirk jamoalari repertuaridan oʻrin olgan hayvonlar ishtirokidagi chiqishlarni qisqartirish degani, tomoshalar jozibasini oldindan yoʻqqa chiqarish degani emasmi? Aslida ushbu muammo ham bekordan-bekorga kelib chiqmagan. Muammo kelib chiqqan ekan, taqiq va cheklovlarga zoʻr bermay, uning yechimini izlash kerak emasmi aslida?
Asrlar davomida toʻplangan boy tajriba, anʼanalarni bugungi zamon talablari bilan uygʻunlashtira oladigan, anʼanaviy sirk sanʼatini yana yuqori darajaga olib chiqa oladigan mutaxassislar, fidoyilar yoʻqmi yurtimizda? Ishonamizki, koʻplab topiladi. Bu borada jahon tajribasini oʻrganish, sirk sanʼati dargʻalarining fikrlariga quloq tutish kerak. Toʻgʻri, bugun nima boʻlsa aylanib, oʻrgilib mablagʻga borib taqalmoqda. Biroq anʼanaviy sirk sanʼati oʻzini oʻzi qoplaydigan, kerak boʻlsa foyda keltiradigan soha. Unutmaylik, eʼtiborsizlikdan, taqiq va cheklovlardan birinchi navbatda tomoshabin yutqazadi. Qolaversa, anʼanaviy sirk sanʼatisiz, oʻzbek madaniyati degan tushunchaning bir cheti sal kemtik boʻlib qolaveradi.
Xurshida SUYUNOVA



