2025 yilning aprel oyida Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev Oʻzbekistonda 2027 yil 1 yanvardan boshlab sanʼatkorlarning daromadlarini deklaratsiyalash va soliqqa tortish tartibi kuchaytirilishi haqida maʼlum qilgandi. Ungacha ularga sanksiyalarsiz deklaratsiyalarni toʻgʻri topshirish imkoniyati beriladi.

21 aprel kuni "Oʻzbekkonsert" binosida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Vazir sanʼatkorlarga solinishi kutilayotgan soliq mavzusi haqida gapirib oʻtdi.
"Birinchidan, u loyiha, [hali] tasdiqlangani yoʻq. Va umuman, mana shu mavzu oʻrtaga chiqqanda juda koʻp sanʼatkorlar yuzini, kimligini va savodsizligini koʻrsatib qoʻydi. Umuman, soliq haqida hech qanaqa bilimga ega emasligini koʻrsatib qoʻydi. Sanʼatkorlar toʻlayapti u soliqni hozir, toʻlamayapti, degan gap chiqib qoldi oʻrtaga. Hattoki toʻlamaymiz deb chiqishni boshladi, toʻlayotgan sanʼatkorlar. Oʻzi toʻlayapti, hatto oʻzining toʻlayotganini bilmaydi. Shuning uchun bu yerda "Soliq toʻlaymizmi, toʻlamaymizmi?" degan masala muhokama boʻlmasligi kerak. Hamma soliq toʻlaydi. Soliq toʻlamaydigan odam yoʻq. Bu dunyoda unaqa odam yoʻq. Aravakash ham toʻlaydi, hamma toʻlaydi. Soliq toʻlamayman, deyishga or qilish kerak odam. Unga qarshi kurashishga vijdon qiynalishi kerak odamda", — dedi Nazarbekov.
Vazir ijtimoiy va xavfsizlik bilan bogʻliq xizmatlar shu soliqlar sabab amalga oshirilayotganini eslatib oʻtdi.
"Yoʻq, kechirib qoʻyasan, sen bugun tinch uxlayotganing shu soliqlar orqasidan. Bolang maktabga borayotgani soliqlar orqasidan. Bu davlat sen xotirjam uxlab, biznes qilishing, sharoit qilishing, shu yerda bola-chaqangni tinch tarbiyalashing uchun ishlayapti, oʻsha pullar oʻsha yoqqa ketyapti. "Men toʻlamayman" deyish uchun odamda vijdon boʻlmasligi kerak, vijdondan voz kechish kerak", — deya qayd etdi vazir.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 1 sentabrdan sanʼatkorlarning barcha xizmatlarini (toʻylardan tortib konsertlargacha) Soliq ilovasida majburiy roʻyxatdan oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Mazkur tartibni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Soliqlar "bir xizmat — bir toʻlov" tamoyili asosida, hatto bepul xizmat koʻrsatilganda ham undirilishi mumkin.



