
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatida Xalqaro anʼanaviy tasviriy va amaliy sanʼat festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda maktab-internat jamoasi, shuningdek, Jizzax shahri va tumanlardagi sanʼat maktablari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni maktab-internat direktori S.Sulaymonov ochib berib, yigʻilganlarni sanʼat bayrami bilan muborakbod etdi. Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari A.Karimov oʻz nutqida festival doirasida rejalashtirilgan tadbirlar hamda hududdagi tasviriy sanʼat sohasidagi yutuqlar haqida maʼlumot berdi.

Bayram dasturi davomida maktabning iqtidorli oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan raqs namoyishlari tadbirga koʻtarinki ruh bagʻishladi. Festival doirasida tashkil etilgan maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilarining ijodiy ishlari koʻrgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.




