
Ona tilimiz – milliy qadriyatlarimizning asosi, tarixiy merosimizning koʻzgusi, kelajak avlodlarga yetkazadigan bebaho boyligimizdir. Ammo, shu fursatda, tilimizning kundalik hayotimizdagi holati, unga boʻlgan eʼtibor va yoʻl qoʻyilayotgan xatolar tilimizning rivoji haqida jiddiy oʻylab koʻrishni taqozo etmoqda.
Yaqinda dugonam bilan boʻlgan onlayn suhbat davomida "tezro javob yozwim ucunde" degan jumlasini qayta-qayta oʻqigach, tushundim. Uning "sh" harfi oʻrniga "w" dan foydalanganligini koʻrib, avvaliga adashib bosilib ketgandirda degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Lekin bu holatning muntazam takrorlanishi, hatto "uchunda" emas, "ucunde" qabilida yozilishi til meʼyorlarining yoshlar orasida qanchalik buzilayotganidan dalolat beradi. Bu kabi "internet jargonlari" faqat vaqtni tejash uchun bahona boʻlib, aslida ona tilimizning boy va musaffo ohangini buzmoqda, uning yoshlar ongiga notoʻgʻri shaklda singshiga sabab boʻlmoqda.
Muammo faqat onlayn muloqotlar bilan cheklanib qolmayotganligi esa achinarli. Ishga ketayotib, koʻcha peshtaxtalariga koʻzim tushganida, "Bozor koʻrgan echkidan qoʻrq" degan naql yodimga tushdi. Biroq bu gal qoʻrquvim bozor koʻrgan echkidan emas, balki tilimiz kelajagining tanazzulga yuz tutishi mumkinligidan boʻldi. Koʻpgina eʼlonlarda, peshlavhalarda "x" va "h" harflarini aralashtirish, "oʻ", "gʻ", "q" harflarini "u", "g", "k" shaklida yozish, ayniqsa, tutuq belgisi (ʼ) oʻrniga aynan (') belgisini qoʻymaslik kabi xatoliklar avj olgan. Bu xatolar shunchalik koʻpki, ularni sanab adogʻiga yetish qiyin. Jamoat joylaridagi har bir yozuv, afsuski, katta-yu kichikning ong ostiga muhrlanib, meʼyor sifatida qabul qilinib ham ulgurdi, nazarimizda.
Eng achinarlisi, "avtomoyka", "xoztovar", "stroymaterial", "knigi" kabi soʻzlarning oʻzbekcha peshtaxtalarda haddan tashqari ortib bormoqda. Ajablanarlisi, oʻzbek tilida bu kabi soʻzlarning muqobilini topish qiyin emas.
"Davlat tili haqida"gi qonunning qabul qilinganiga 36 yil, "Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida"gi qonunga 32 yil boʻlgan boʻlsa-da, nega hanuzgacha bu kabi xatoliklarga duch kelyapmiz? Davlat tili qoidalariga rioya qilish faqat yangi imloda bexato yozish degani emas, balki tilimizning oʻziga xosligini, sofligini saqlash, farosatni ishlatib, mos va maʼnoli soʻzlarni qoʻllash demakdir.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning hududlardagi boʻlimlari tomonidan ishchi guruhlar tuzilib, "Davlat tili haqida"gi va "Reklama toʻgʻrisida"gi qonunlar ijrosi yuzasidan oʻrganishlar olib borilayotgani tahsinga loyiq. Ammo bu ishni faqatgina davlat idoralari yoki korxona, tashkilotlardagi maslahatchilarga yuklab qoʻyish bilan cheklanmaslik kerak. Bu masalada jamoatchilik ham "bir yoqadan bosh chiqarib", faol harakat qilishi lozim. Har birimiz oʻzimiz guvoh boʻlgan xatoliklarga befarq qaramasligimiz, oʻzbek tiliga hurmat bilan yondashishimiz shart.
Aksariyat shior va peshtaxtalardagi bir xil xatoliklarning takrorlanishidan shunday xulosa kelib chiqadiki, ushbu yozuvlarni tayyorlab beruvchi bosmaxonalar faoliyatini jiddiy koʻrib chiqish lozim. Bunday xatoga yoʻl qoʻygan tashkilotlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi, ularda savodli mutaxassislar ishga olinishi yoki buyurtmalar bexato tayyorlangandan keyingina bosishga ruxsat berish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ona tiliga muhabbatni shakllantirish, toʻgʻri yozish va soʻzlash koʻnikmalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratish kerak.
Tilga eʼtibor – elga eʼtibor demakdir. Barchamiz birgalikda, har bir soʻz, har bir harfga masʼuliyat bilan yondashsak, ona tilimizning sofligini, goʻzalligini va boyligini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylagan boʻlamiz. Faqat shundagina tilimiz chinakam davlat tili maqomiga munosib hurmat va eʼtiborni topa oladi.
Xurshida Suyunova



