
Oldindan taʼkidlash lozimki, ushbu yangilik keng jamoatchilik tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi... Bu bejiz emas. Chunki, bugungi kunda insoniyat salomatligiga jiddiy tahdid solayotgan omillar orasida eng keng tarqalganlaridan biri – bu chekish. Koʻpchilik buni shaxsiy tanlov yoki odat deb qabul qiladi. Aslida chekish nafaqat chekuvchining oʻziga, balki uning atrofidagi insonlarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois bu masala faqat tibbiy emas, balki ijtimoiy muammoga ham aylanib ulgurgan.
Chekishning eng xavfli jihatlaridan biri – ikkilamchi tamaki tutunidir. Bu chekuvchi emas, balki uning atrofida turgan insonlar nafas oladigan zararli havodir. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, ikkilamchi tutun tarkibida 7 mingdan ortiq kimyoviy modda mavjud boʻlib, ularning kamida 70 tasi saratoniga sabab boʻlishi mumkin. Ikkilamchi tamaki tutuni jamoat joylarida, jumladan ish joylarida, tammadixonalar, mehmonxonalar, dam olish joylari va aeroportlarda havo ifloslanishining asosiy manbai hisoblanadi. Tamaki tutunida 4000 dan ortiq kimyoviy modda bor, ulardan kamida 250 tasi zararli, 50 tasi esa kanserogenlardir. Ikkilamchi tamaki tutuni oʻpka saratoni, yurak kasalliklari, insult, bolalarda toʻsatdan oʻlimni keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, har yili ikkilamchi tamaki tutunidan nafas olish butun dunyoda taxminan 600 000 nafar insonning bevaqt oʻlimiga sabab boʻladi, ularning 31 foizini bolalar va 64 foizini ayollar tashkil etadi. JSST maʼlumotlariga koʻra, 43,9 foiz bolalar uy sharoitlarida, 55,8 foizi esa jamoat joylarida tamaki tutuni taʼsirida boʻladi. Ikkilamchi tamaki tutunidan muntazam nafas oladigan 5 yoshga toʻlmagan 165 ming nafar bola hayotdan koʻz yumadi. Katta yoshga yetganlarida esa surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi rivojlanishi ehtimoli oshadi. Bundan tashqari, chekuvchilar oilasida yashovchi oʻsmirlarning oʻzi ham chekuvchiga aylanish ehtimoli ota-onasi chekmaydiganlarga nisbatan 1,5-2 baravar yuqoridir. Kashandalik shunday illatki, u ham sogʻliqqa, ham oila daromadiga ziyon keltiradi. Eʼtibor berganmisiz, chekuvchi odamlar uyiga yarim kilo goʻsht yoki bolalariga shirinlik koʻtarib borishga koʻzi qiymaydi-yu, lekin kuniga qimmatbaho sigaretga pulni ayamaydi. Bu balki bir martaga bilinmas, ammo yil-oʻn ikki oyni hisoblasakchi? Mulohaza uchun maʼlumot: – Bir pachka sigareta 10 000 dan 25 000 soʻmgacha... – Agar kuniga 1 pachka sigaret sotib olinsa: – 1 oyda: 300 000 – 750 000 soʻm – 1 yilda: 3 600 000 – 9 000 000 soʻm boʻladi. Bu bor yoʻgʻi bir pachka sigaretniki. Kuniga ikki va undan koʻproq pachka sigaret chekadiganlar ham borligini unutmaylik. Bu mablagʻga inson oʻz salomatligi, oilasi yoki farzandlari uchun foydali narsalar xarid qilishi mumkin-ku?
Demak, chekuvchi nafaqat sogʻligini, balki moliyaviy barqarorligini ham yoʻqotayotgani oddiy haqiqatga aylanmoqda. Bu oddiy tamakiga qoʻyilayotgan va hisoblanayotgan miqdor. Hozirgi kunda elektron tamakilarining ham bozori chaqqon, xaridori koʻp. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2025 yil 6 oktabrdagi hisobotlariga koʻra, sayyorada 100 milliondan ortiq odam, jumladan 15 million oʻsmir sigaret chekishi aniqlangan. Shuningdek, 13–15 yosh oraligʻidagi oʻsmirlar orasida elektron sigaret va veypdan foydalanuvchilar soni taxminan 15 million nafarga yetgan. Bu raqamlar ota-onalar va taʼlim muassasalari uchun jiddiy xavotir uygʻotmoqda, chunki nikotin isteʼmoli koʻpincha yoshlikda boshlanib, keyingi hayotda toʻliq qaramlikka olib kelishi mumkin. Shuningdek, 15 yosh va undan kattalarning kamida 86 millioni elektron sigaret chekishi maʼlum qilingan. Bu kattalar aholisining 1,9 foizini tashkil etadi – erkaklar orasida bu koʻrsatkich 2,3 foiz, ayollar orasida esa 1,5 foiz.
– Chekish bugun dunyoda oldini olish mumkin boʻlgan oʻlim sabablarining eng asosiylaridan biri hisoblanadi. Masalan, Oʻzbekistonning oʻzida har yili qariyb 19 mingdan ortiq inson tamaki bilan bogʻliq kasalliklar sabab vafot etadi . Bu juda katta raqam. Bugungi kunda mamlakatimizda taxminan 2,5 millionga yaqin chekuvchi bor . Aholining oʻrtacha 10 foiz tamaki mahsulotlarini isteʼmol qiladi. Erkaklar orasida bu koʻrsatkich ancha yuqori. Yoshlar masalasiga kelsak, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 10–14 yoshlilar orasida koʻp. Amaliyotimda koʻproq 25–45 yosh orasidagi bemorlar murojaat qilishadi. Ular uzoq yillik chekish natijasida nafas qisishi, doimiy yoʻtal, tez charchashdan shikoyat qiladi. Afsuski, koʻpchiligi shifokorga kech keladi. 28 yoshli bir bemorimning tahlil natijalarida oʻpka faoliyati allaqachon ishdan chiqqanligi maʼlum boʻldi. Eng achinarlisi, u kasallikni erta emas, belgilari kuchaygachgina sezib, shifokorga kelgan. Chekish birgina chekayotgan insonga emas, ekologiyaga, ikkilamchi shaxslarga va jamiyat salomatligiga tahdid. Shuning uchun ham qonunlar kuchaytirilmoqda, profilaktika choralari koʻrilmoqda. Eng yaxshisi – umuman boshlamaslik yoki imkon qadar ertaroq toʻxtatishdir, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, neyroxirurg-pulmonolog Abduqahhor Mahkamov.
JSSTning yuqumsiz kasalliklar, nogironlik va zoʻravonlikning oldini olish departamenti direktori Eten Krugning taʼkidlashicha, elektron sigaretlar nikotinga qaramlikning yangi toʻlqinini keltirib chiqarish barobarida “zararsiz alternativa” sifatida reklama qilinmoqda. Aslida ular bolalarni erta yoshdan nikotin bilan tanishtirib, sogʻlom avlodni xavf ostiga qoʻydi. “Elektron sigaretlar va veyplar jamiyatda tamaki isteʼmolini kamaytirish emas, balki uning yangi shaklini yaratdi xolos”, – deydi u.
JSST ning taqqoslov hisobotlariga koʻra, bu illatga qarshi olib borilgan kompleks chora, tadbirlar sabab 2000 yilda dunyo boʻylab 1,38 milliard kishi tamaki isteʼmol qilgan boʻlsa, 2024 yilda bu raqam 1,2 milliardgacha kamaygan. Yaʼni soʻnggi yigirma yilda chekish 120 million kishiga yoki 27 foizga qisqargan. Ayollar orasida sigaret chekish ulushi 2010 yildagi 11 foizdan 2024 yilda 6,6 foizga tushgan. Erkaklar orasida esa bu koʻrsatkich 41,4 foizdan 32,5 foizga kamaygan. Bu pasayishga qaramasdan, dunyodagi har beshinchi katta yoshli odam hanuz sigaret chekishni davom ettirmoqda. Shu bilan birga, 62 mamlakat hanuz bolalar oʻrtasida sigaret isteʼmoliga qarshi aniq choralar koʻrmagan, 74 mamlakatda esa chekuvchi mahsulotlarni sotib olish uchun belgilangan minimal yosh chegarasi yoʻq. Chekish deganda sharq xalqlarida, ayniqsa, yurtimizda kuzatiladigan yana bir zararli odat – nos chekishga ham toʻxtalib oʻtmasak boʻlmaydi. Nos tarkibidagi nikotin miqdori sigaretadan ham yuqori boʻlishi mumkin. Bu esa ogʻiz boʻshligʻi saratoni, milk kasalliklari va ichki aʼzolarga jiddiy zarar yetkazadi. Bu moddaning “nos” deb atalishiga bir paytlar uni tayyorlashda nos deb nomlangan oʻsimlikdan foydalanilgani manbalarda keltirilgan. Hozirgi kunda uni asosan maxorka yoki tamakidan tayyorlashadi. Shuningdek, nosni tayyorlashda soʻndirilgan ohak, turli oʻsimliklarning kuli, tuya yoki tovuqning goʻngi va baʼzi moylar qoʻshiladi.
Nos nihoyatda keng tarqalgan Oʻrta Osiyoda uni tayyorlashning turli retseptlari bor boʻlib, koʻpincha bu aralashmaga tamaki changi umuman qoʻshilmaydi. Uning oʻrniga boshqa oʻtkirroq moddalar qoʻshiladi. Bu aralashmaning tarkibidagi moddalarning koʻpchiligi tamaki ishlab chiqarishning changsimon chiqindilarini granula shakliga keltirishga xizmat qiladi. Nosvoydagi ohak muhitning reaksiyasini oʻzgartiradi va nikotinning qonga ogʻiz boʻshligʻining shilliq pardasi orqali soʻrilishiga sharoit yaratib beradi. Tovuqning goʻngi ham xuddi shu vazifani bajaradi. Baʼzilarning aytishicha, tovuqning goʻngi nosga ohak boʻlmaganda qoʻshilar ekan. Nosning Toshkent, Fargʻona, Andijon nosi kabi bir qancha turlari boʻlib, ularning nosivoy, natsvay, anesvay, asmay, atmay kabi nomlari ham bor ekan. Uzoq vaqt surunkali nos chekishning oqibatlari onkologlarning ilmiy bergan maʼlumotlariga koʻra, 80 foizi til, lab va boshqa ogʻiz boʻshligʻi organlari hamda halqumning rak bilan kasallanish oqibatlariga olib keldi.
Baʼzan taksilarda, jamoat transportlarida haydovchilarning asosiy koʻchalar, bekatlar yoki yoʻllarning toʻgʻri kelgan joyiga tuflab ketishiga guvoh boʻlamiz. Bu nafaqat “noskash” xoʻrandaga zarar, qolaversa, madaniyatimizga ham toʻgʻri kelmaydigan didsizlikdir. Chunki yurtimiz bugungi kunda oʻzining antik tarixi va buyuk siymolari, muqaddas qadamjolari bilan jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlib, Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchilarning salmogʻi ortib bormoqda. Ularga toza ekologik vatanimizni, goʻzal qadriyatlarimiz va maʼnaviy tarbiyamizni koʻrsata olishimiz muhim emasmi?
Afsuski, nosvoy Oʻrta Osiyo mamlakatlarining kundalik hayotidan muqim oʻrin olgan. Soʻnggi yillarda nosvoy maktab oʻquvchilari orasida ayniqsa ommalashdi. Mintaqa bozorlarida nosvoy sotish tamaki mahsulotlari yoki pista sotgandek odatiy holga aylangan. Masalan, taxminan 30 marotaba chekishga yetadigan nosvoy xaltachaning narxi 5 mingdan 10 minggacha...
– Nosvoy rasman narkotik modda deb eʼtirof etilmagan, shuning uchun unga qarshi kurashish hozircha faqat uning nima ekanini tushuntirish bilangina cheklanib qolmoqdamiz. Sigaret ham, nos ham inson miyasiga taʼsir qiluvchi nikotin orqali avvalo vaqtinchalik tinchlik hissini beradi. Lekin bu holat uzoq davom etmaydi. Aksincha, vaqt oʻtishi bilan insonda asabiylik, ichki bezovtalik va ruhiy qaramlik kuchayadi. Inson sigareta yoki nossiz oʻzini noqulay his qila boshlaydi, kayfiyati tushadi, diqqati susayadi. Eng xavflisi, bu odatlar insonni ruhan zaiflashtiradi va stressga chidamliligini pasaytiradi. Nosvoyni qoʻrqmasdan psixotrop moddalar qatoriga kiritish mumkin. Nos chekish oʻsmirlarning ruhiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi – zehn susayadi, xotira yomonlashadi. Noskashlar koʻpincha xotiraning yomonlashuvi, parishonxotirlikdan shikoyat qiladilar. Amaliyotimda shunday holat boʻlgan, qabulimga 16 yoshli oʻsmir kelib, uydagilari yoki sinfdoshlari, oʻrtoqlari koʻchadagi tanishlari bilan janjallashib qolsa, chekishdan alamini olishini, boʻlmasa ularga zarar berib qoʻyishi mumkinligini aytib berdi. Suhbat davomida maʼlum boʻldiki, u nikotinga ruhiy qaram boʻlib qolgan. Chekishni kamaytirib, keyin toʻxtatganidan soʻng esa u oʻzini ancha xotirjam va barqaror his qila boshladi, – deydi psixolog Madina Ibragimova.
Chekish va nos – insonning oʻz salomatligiga qarshi bosgan ilk qadami boʻlishi mumkin. U nafaqat chekuvchini, balki uning atrofidagi insonlarni ham zararlaydi. Shu bois bu illatga qarshi kurash faqat davlat yoki qonunlar emas, balki har bir insonning ongli qarori orqali amalga oshishi kerak.
Maqolani yurtimizda chekishga qarshi olib borilayotgan kurashdagi yangi bosqich haqidagi maʼlumot bilan boshlagan edik. Jarima choralarining kuchaytirilgani yaxshi, albatta. Biroq targʻibot-tashviqot tadbirlarini ham unutmaslik kerak. “Salomatlik uchun 10000 qadam” va shu kabi sogʻlom turmush tarzi kechirishga intilayotganlarni qoʻllab quvvatlash shular jumlasidan. Chunki, sogʻlom jamiyat – sogʻlom fikr va toʻgʻri tanlovdan boshlanadi.
Choʻlponoy AHMEDOVA,
jurnalist



