Noqonuniy sexdan 4 tonna spirt ashyoviy dalil sifatida olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan reyd-tadbirlari oʻtkazildi.
Unda fuqaro Sh.T. Sharof Rashidov tumani, “Qahramon” MFY hududidagi savdo doʻkonida turli nomlardagi 24 dona qoʻlbola tayyorlangan alkogol mahsulotlarini savdoga qoʻyganligi fosh boʻldi.
Bundan tashqari, Sh.T. ushbu mahsulotlarni “Sharilloq” MFY hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilib, qoʻlbola alkogol mahsulotlari tayyorlab fuqaro U.S.dan (muqaddam sudlangan) olganligi aniqlanib, mazkur yashirin sexdan 4 tonna spirt va 480 dona boʻsh shisha idishlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.



